AKADEMIK LITSEY O‘QUVCHILARI GERMANIYADA YOZGI TIL KURSLARIDA ISHTIROK ETMOQDA.
Avval xabar berganimizdek, Qarshi davlat texnika universiteti Nuriston akademik litseyi Germaniyaning Goethe-Institut tomonidan amalga oshirilayotgan «PASCH — Maktablar: kelajak hamkorlari» loyihasi bilan hamkorlik qiladi.
Mazkur hamkorlik doirasida akademik litsey o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun Germaniyada bir oylik yozgi til kurslari va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etish imkoniyati yaratilgan.
2026 yilda akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchilari Abdujabborova Zarnigor hamda Ibodullayev Mahmud Germaniyaning Baden-Württemberg o‘lkasidagi Hintersarten shahrida tashkil etilgan yozgi til kurslarida ishtirok etib, nemis tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlamoqdalar.
Xalqaro ta’limiy dasturda ishtirok etish o‘quvchilarning nafaqat til ko‘nikmalarini rivojlantirish, balki Germaniya madaniyati, ta’lim tizimi va yangi do‘stlar bilan tanishish imkoniyatini ham yaratmoqda.
Shu munosabat bilan o‘quvchilarimizga Germaniyadagi yozgi til kurslarida ishtirok etish imkoniyatini yaratib bergan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi, Toshkentdagi Gyote instituti rahbariyati, «PASCH — Maktablar: kelajak hamkorlari» loyihasi koordinatori janob Simon Kretschmerga, shuningdek, Qarshi davlat texnika universiteti rahbariyatiga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.
