YAKUNIY DAVLAT ATTESTATSIYALARI BOSHLANDI
Qarshi davlat texnika universiteti Nuriston akademik litseyida 2025–2026 o‘quv yili bitiruvchilarining ona tili va adabiyot fanidan Yakuniy davlat attestatsiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektorining buyrug‘i bilan Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi raisi sifatida Qarshi davlat texnika universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Z.E. Chorshanbiyev hamda attestatsiya komissiyasi a’zolari – professor-o‘qituvchilar Yu. Ergasheva, M.Ahmedova, Sh.Toxirova, E.Pardayev, Sh.Normurodov, E.Mahmanov va M.Ro‘ziyeva ishtirok etib, bitiruvchilarga samimiy tilaklarini bildirdilar.
Ochilish marosimidan so‘ng bitiruvchilar quyidagi mavzulardan birini tanlagan holda insho yozishga kirishdilar:
1.“Xamsa” dostonida insoniy fazilatlarning ulug‘lanishi;
2. Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asarida adibning borliq va tabiat haqidagi kuzatishlari;
3. Men sevgan shoir (Abdulla Oripov ijodi misolida);
4. Biz – buyuk yurt farzandlarimiz. (Erkin mavzu)
Ta’kidlash joizki, akademik litseyning 128 nafar bitiruvchisi ona tili va adabiyot fanidan Milliy sertifikatga ega bo‘lgani sababli mazkur fan bo‘yicha Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan ozod etildi. Bu esa o‘quvchilarning fan bo‘yicha erishgan yuksak natijalari va bilim darajasining amaliy ifodasidir.
Ona tili va adabiyot fanidan tashkil etilgan Yakuniy davlat attestatsiyasi yuqori saviyada, shaffof va namunali tarzda tashkil etildi.
Qarshi davlat texnika universiteti Nuriston akademik litseyida Yakuniy davlat attestatsiyalari davom etmoqda.
