Xotira va qadrlash – xalqimizning ezgu qadriyatlari ifodasi
Xotira va qadrlash xalqimizga xos yuksak insoniy fazilat, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Insonni e’zozlash, ustoz va murabbiylarga hurmat ko‘rsatish xalqimiz ma’naviyatining muhim mezonlaridan sanaladi.
Shu munosabat bilan Qarshi davlat texnika universiteti Nuriston akademik litseyi jamoasi akademik litseyda uzoq yillar samarali faoliyat yuritib, yosh avlodni Vatanga sadoqat, ezgulik va bilim ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shgan faxriy ustozlar — ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Zulayxo opa To’xtamisheva, Venera opa Egamova, matematika fani o‘qituvchisi Ra’no opa Sodiqova hamda fizika fani o‘qituvchisi Malohat opa Xo‘jamovalarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida ustozlarning ko‘p yillik fidokorona mehnati, ta’lim-tarbiya yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tirof etilib, ular bilan samimiy suhbat qurildi hamda chuqur hurmat va ehtirom izhor qilindi.
Darhaqiqat, ustozni ulug‘lash — millatni ulug‘lashdir. Fidoyi ustozlarimizning hayot yo‘li, boy tajribasi va ezgu faoliyati bugungi yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
