IQTIDORLI O‘QUVCHILAR
AKADEMIK LITSEYDA IQTIDORLI O‘QUVCHILARNI RAG‘BATLANTIRISH TADBIRI O‘TKAZILDI.
Bugun Qarshi davlat texnika universiteti Nuriston akademik litseyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi PQ–4910-sonli “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 3-ilovasi ijrosini ta’minlash maqsadida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda akademik litsey bitiruvchilari orasidan uchinchi semestr natijalariga ko‘ra barcha fanlardan eng yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan 10 nafar a’lochi o‘quvchi akademik litsey Kengashi qaroriga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobari miqdorida “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasi bilan taqdirlandi.
Shuningdek, an’anaviy test sinovlarining yanvar oyi yakunlari sarhisob qilindi. O‘tkazilgan ichki test natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar hamda ularning ota-onalariga akademik litsey rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar topshirildi va pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Bundan tashqari, yanvar oyi davomida turli tadbirlarda faol ishtirok etgan, xususan, “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari, ilmiy-badiiy kechalar, ko‘rik-tanlovlar va sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar hamda o‘qituvchilar e’tirof etildi.
Mazkur tadbir iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
